Seshanba, 3-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Prezident Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi

Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida Kogon tumanidagi Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi. Ziyorat davomida Qurʼon tilovat qilinib, xalq uchun tinchlik va farovonlik tilandi.

Davlat rahbari 3-noyabr kuni viloyatda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari va iqtisodiyot tarmoqlaridagi loyihalar bilan tanishish maqsadida Buxoroga kelgan. Tashrif aynan shu maqbaradan boshlangan.

Bahouddin Naqshband XIV asrda yashab oʻtgan buyuk allomа hamda tasavvufdagi naqshbandiya tariqatining asoschisi hisoblanadi. Uning maqbarasi atrofidagi me’moriy majmua asrlar davomida shakllangan va bugun ham islom olamidagi eʼzozli ziyoratgohlardan biri. Har kuni oʻrtacha 15 ming atrofida kishi bu yerga keladi. Majmua “Ipak yoʻli: Zarafshon – Qoraqum koridori” tarkibida YUNESKOning Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan.

So‘nggi yillarda tarixiy qiyofani saqlash va ziyoratchilar uchun qulaylik yaratish bo‘yicha ishlar olib borildi. XV asr chizmalari asosida Doniyolbiy otaliq madrasasi va Toqi Miyona darvozasi taʼmirlandi, muzey ekspozitsiyasi hamda ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi.

Prezident Buxoro asrlar davomida maʼrifatli islom taraqqiyotida muhim oʻrin tutib kelganini taʼkidlab, bu boy maʼnaviy merosni chuqur oʻrganish va yoshlar tarbiyasida undan samarali foydalanish zarurligini qayd etgan.

Manba: Daryo

Mavzuga oid