Suyultirilgan gaz narxi 15 noyabrdan 2,5 barobarga oshadi
Hukumat 15 noyabrdan aholi uchun suyultirilgan gaz narxini bir kilogrammi uchun 2000 soʻmdan 5000 soʻmgacha oshirishni tasdiqladi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uchun oyiga 60 ming soʻmgacha kompensatsiya nazarda tutilgan.
Standart 20 kilogrammli ballon narxi 40 ming soʻmdan 100 ming soʻmgacha koʻtariladi. Kompensatsiya olish huquqiga ega oilalar uchun shu hajm doirasidagi xarajatlar qoplangach, toʻlov avvalgidek 40 ming soʻm darajasida qoladi.
Kompensatsiya sotib olingan gazning har bir kilogrammi uchun 3000 soʻm miqdorida, lekin oyiga 20 kilogrammdan oshmagan hajm uchun beriladi. Mablagʻlar gaz sotib olinganligi tasdiqlangach, oluvchilarning ijtimoiy kartalariga oʻtkaziladi. Ariza topshirilgandan soʻng oilaning huquqi avtomatik tekshiriladi, natija SMS orqali va shaxsiy kabinetda xabar qilinadi.
Alohida, «LPG-Trade» kompaniyasi tomonidan gazni yetkazib berish xizmatining narxi QQS bilan birga kilogrammiga 1300 soʻm etib belgilandi. Operator xarajatlarini qoplash uchun byudjetdan subsidiya oladi, hisob-kitoblarni Energetika vazirligi tekshiradi. Shuningdek, 2027-yil 1-mayga qadar suyultirilgan gaz narxini erkinlashtirish boʻyicha takliflar tayyorlanishi topshirildi.
Hozirda Oʻzbekistonda maishiy suyultirilgan gazdan foydalanuvchilar soni 4 millionga yaqin. Ballonlarni yetkazib berish oʻrtacha 30–35 kun, ayrim tumanlarda esa 50–70 kun davom etgan, shu sababli baʼzi oilalar gazni bozorda kilogrammiga 11 ming–13,5 ming soʻmdan sotib olishga majbur boʻlgan.
Manba: Gazeta.uz