Belgiya va Shvetsiya supermarketlarida muzlatgichlarga kiberhujum
Belgiya, Lyuksemburg va Shvetsiyadagi bir qator supermarketlarda hakerlik hujumi natijasida sovutish uskunalari isitish rejimiga o‘tib, mahsulotlar yaroqsiz holga kelgan. Hujum ortida kimlar turgani hali aniqlanmagan.
Ahold Delhaize va Colruyt tarmoqlari 2-noyabr kuni Belgiya va Lyuksemburgdagi o‘nlab do‘konlarga hujum ta’sir qilganini ma’lum qildi. Ahold Delhaize tarmog‘i sovutish uskunalari uchun mas’ul Sabcobel kompaniyasi voqeani hakerlik hujumi deb atadi. Colruyt esa beshta do‘konda sovutgichlar ishdan chiqqanini tasdiqladi.
Shvetsiyadagi ICA tarmog‘i ham muzlatgichlarda nosozlik yuz berganini xabar qildi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, uskunalar 50°C haroratli muzni eritish rejimiga o‘tib ketgan va ko‘plab mahsulotlar yaroqsiz bo‘lib qolgan. Markaziy Shvetsiyadagi Coop Group’ga qarashli oltita do‘konda ham shunga o‘xshash muammo qayd etilgan.
Estoniyadagi supermarketlar tarmoqlaridan biri ham shunday muammoga duch kelgan, ammo tarmoq nomi oshkor etilmagan. Oldinroq, oktabr oyida Fransiyadagi yuzlab supermarketning sovutish uskunalariga noqonuniy aralashuv holatlari qayd etilgan edi.
Yevropa huquq-tartibot idoralari hujum ortida kimlar turganini hali rasman e’lon qilmagan.
Manba: Kun.uz