Kongoda Ebola bo‘yicha o‘lim darajasi 51,6 foizga yetdi
Kongo Demokratik Respublikasida Ebola virusini yuqtirganlar soni 10,4 ming kishiga yetdi, qariyb 5,4 ming kishi vafot etdi. Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, kasallikdan o‘lim darajasi 51,6 foizni tashkil etmoqda.
Mamlakat rasmiylari joriy epidemiyani Kongo tarixidagi eng halokatli va eng keng tarqalgan epidemiya deb baholamoqda. Kasallanganlar va vafot etganlarning asosiy qismi Kongo Demokratik Respublikasiga to‘g‘ri kelsa-da, virus Uganda, Keniya va Fransiyada ham qayd etilgan. Kasallikning asosiy o‘chog‘i Ituri provinsiyasi bo‘lib qolmoqda.
Shunga qaramay, Ebola eng xavfli virus hisoblanmaydi. Masalan, quturish alomatlar paydo bo‘lgach, deyarli har doim o‘lim bilan yakunlanadi, Marburg virusi ayrim epidemiyalarida esa o‘lim darajasi 80–90 foizga yetgan. Yuqori o‘lim darajasi aholi uchun xavfning ham shunchalik yuqori ekanini anglatmaydi: bunday viruslar odamdan odamga qiyin yuqadi va tarqalishini tezda to‘xtatish mumkin. Umuman olganda, o‘lim darajasi past, ammo yuqumliligi yuqori viruslar, masalan, gripp va COVID-19 ko‘proq odam hayotiga zomin bo‘ladi.
Manba: Kun.uz