TMK volfram boʻyicha RMAP Conformant maqomini oldi
Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) mustaqil xalqaro auditdan muvaffaqiyatli oʻtib, volfram boʻyicha RMAP Conformant maqomini qoʻlga kiritdi. Bu Markaziy Osiyo volfram sanoatida bunday natijaga erishgan birinchi korxona boʻldi.
Jahon bozorida metallning sifati va narxi bilan birga, uning qayerdan kelgani, qanday sharoitda ishlab chiqarilgani hamda xaridorga qanday yetkazib berilgani ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yirik sanoat kompaniyalari xomashyo yetkazib beruvchilarni tanlashda taʼminot zanjirining shaffofligi va masʼuliyatli xarid tamoyillariga alohida eʼtibor bermoqda.
RMAP Conformant maqomi korxonaning mineral xomashyoni masʼuliyatli yetkazib berishga oid talablarga muvofiqligini mustaqil audit orqali tasdiqlaydi. Bu maqom xalqaro xaridorlar oldida TMK volframiga boʻlgan ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Maqom yirik sanoat kompaniyalari bilan hamkorlikni rivojlantirish, yangi xaridorlar bilan aloqalar oʻrnatish va eksport bozorlarini kengaytirish uchun qoʻshimcha asos yaratadi. RMAP tizimi Yevropa komissiyasi tomonidan ham rasman tan olingani uning xalqaro taʼminot zanjirlaridagi ahamiyatini oshiradi.
Manba: Kun.uz