Farg‘onada tergovchi pora olishda gumonlanib ushlandi
Farg‘ona shahar bo‘limining Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tergovchisi pora olishda gumonlanib ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Tezkor tadbirni DXX xodimlari Bosh prokuratura Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan. Tergovchi jinoyat ishi doirasida tergov harakatlarini ayblanuvchi foydasiga hal qilish, yetkazilgan zarar miqdorini kamaytirish va unga nisbatan e’lon qilingan qidiruvni bekor qilish evaziga pora olganlikda gumon qilinmoqda.
Tergovchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozircha tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Avvalroq Buxoro shahar sudi raisining xizmat xonasidan pul mablag‘lari topilgani yuzasidan Sudyalar oliy kengashi xizmat tekshiruvini boshlagani ma’lum qilingan edi. Oktyabrning 6-kuni o‘tkazilgan tadbirda jami 50 ming dollar aniqlangan, shundan 10 ming dollari advokat cho‘ntagidan, 40 ming dollari esa sud raisining xizmat xonasidagi shkafdan topilgan. Sudyalar oliy kengashi 8-oktyabrdagi bayonotida sudyaning advokatdan pul so‘raganini yoki olganini tasdiqlovchi dalillar hozircha aniqlanmaganini ma’lum qilgan.
Manba: Daryo