Rossiya Oleshkida sulhni uzaytirishdan bosh tortdi
Rossiya Xerson viloyatidagi Oleshki shahrida aholini evakuatsiya qilish uchun joriy etilgan vaqtinchalik sulh rejimini uzaytirishdan bosh tortdi. Ukraina tomoni muddatni uzaytirishni taklif qilgan, biroq rossiyaliklar bunga rozi boʻlmagan.
Shahar 2022-yil bahorida Rossiya tomonidan bosib olingan. Yaqinda u yerda gumanitar falokat yuzaga kelgan. Ikki tomon aholini xavfsiz evakuatsiya qilish uchun vaqtinchalik sulhga kelishgan, ammo kelishuv muddati 1-noyabrda tugagan.
Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabining ma'lumotiga koʻra, Rossiya qoʻshinlari sulh pauzasidan oʻz pozitsiyalarini «tartibga keltirish» uchun foydalangan. Sky News jurnalisti Ukraina dronlari olgan kadrlarni koʻrib chiqib, muddat tugashidan oldin rossiyalik harbiylar Oleshki va atrofdagi qishloqlarga ogʻir texnika, qurol-yarogʻ va xodimlarni olib kirganiga ishonch hosil qilgan.
Kreml esa Kiev sulhdan oʻz kuchlarini jamlash uchun foydalangan, deb aytmoqda. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning fikricha, bunday vaziyatlarda bunday amaliyot odatiy hol.
Manba: Kun.uz