Chorshanba, 4-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Buxoro: 55 mahallaga suv, 120 avtobus va taʼlim boʻyicha topshiriqlar

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yigʻilishida jamoat transporti, ichimlik suvi, taʼlim va tibbiyot sohalaridagi muammolarni muhokama qilib, tegishli vazifalar belgiladi.

Yigʻilishda viloyatdagi 55 ta mahalla aholisi markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanishini kutayotgani qayd etildi. Mutasaddilarga ushbu mahallalarga suv yetkazishning aniq muddatlarini belgilash topshirildi.

Buxoroda jamoat transporti yetarli darajada rivojlanmagani sababli aholining 80 foizi ish, oʻqish va kundalik ehtiyojlar uchun yengil avtomobildan foydalanadi. Prezident viloyatga qoʻshimcha 120 ta avtobus keltirish ishlarini jadallashtirishni vazifa qilib qoʻydi. Shuningdek, aeroport va temir yoʻl vokzallari atrofidagi xizmat sifati hamda qulayliklarni oshirish belgilandi.

Taʼlim sohasida tadbirkorlarga yer ajratib, xususiy bogʻcha va maktablar sonini koʻpaytirish, maktab bitiruvchilarining 50 foizini texnikumlarga jalb qilish rejalashtirildi. Viloyatdagi 10 ta oliy taʼlim muassasasida dual taʼlim qamrovini ikki baravar oshirish ham koʻzda tutilgan. Tibbiyot sohasida esa joriy yilda 29 ta shifoxona va poliklinika yangilangani, birlamchi boʻgʻin faoliyatini yaxshilash zarurligi qayd etildi.

Manba: Daryo

Mavzuga oid