Chorshanba, 4-noyabr, 2026
Obuna boʻlish
Jamiyat Bugun, 15:27 1 marta oʻqildi

Toshkentda 23 nafar chet el fuqarosi ishtirokidagi firibgar Call-markaz fosh etildi

Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi xonadonda mijozlarning mol-mulkini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritish bilan shug‘ullangan yashirin Call-markaz aniqlandi. Xonadonda noqonuniy yashayotgan 23 nafar chet el fuqarosi tekshiruv chog‘ida qayd etildi.

Ichki ishlar idorasi matbuot xizmatining xabar berishicha, ichki ishlar xodimi bo‘sh xonadon yonidan o‘tayotganda undan fuqaro chiqqanini ko‘rib, uning bilan suhbatlashgan. Fuqaro xodimga 1000 dollar pora taklif qilgan, ammo xodim buni rad etgan.

Guvohlar ishtirokida o‘tkazilgan tekshiruvda har bir xonada 4–5 nafar kishi yashayotgani va jami 23 nafar fuqaro noqonuniy yashayotgani aniqlangan. Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi tezkor tadbir davomida 80 ta mobil aloqa vositasi, 21 ta noutbuk, 6 ta Wi-Fi router va 22 ta pasport ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

Tergov davomida guruhning kriptoaktivlar bilan bog‘liq faoliyati ham ochilgan: uchta chet el fuqarosi litsenziyasiz kripto-birjalar orqali kriptoaktivlar savdosini amalga oshirgan, ularning aylanmasi 27 910,21 USDT (taxminan 329,6 mln so‘m) bo‘lgan. Ish Jinoyat kodeksining 278⁸-moddasi 2-qismi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan, dastlabki tergov davom etmoqda.

Shu yilning iyul oyida Toshkentda chet el fuqarolarini yuqori daromad va kriptovalyuta loyihalari bilan aldab, mablag‘larini o‘zlashtirgan yana ikkita yirik yashirin Call-markaz faoliyati to‘xtatilgan edi.

Manba: Daryo

Mavzuga oid