Buxoroda 145 ta loyihaga 7,8 mlrd dollarlik start berildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrifi chogʻida qiymati 7,8 mlrd dollar boʻlgan 145 ta loyihani ishga tushirdi va ularning qurilishiga start berdi. Dastur turli sohalarni, jumladan neft-kimyo, toʻqimachilik, energetika va turizmni qamrab oladi.
Soʻnggi toʻqqiz yilda viloyatga 9,5 mlrd dollar xorijiy investitsiya jalb etilgan, natijada 6 mingdan ortiq yangi ishlab chiqarish quvvati va 120 ming doimiy ish oʻrni yaratilgan. Dasturdagi loyihalardan 55 tasi umumiy qiymati 654 mln dollar boʻlgan holda ishga tushirildi, yana 90 tasining qurilishi boshlanmoqda.
Loyihalar amalga oshirilgach, 14 mingdan ortiq ish oʻrni yaratilishi, yiliga 22 trln soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilishi va 510 mln dollarlik eksport imkoniyati paydo boʻlishi kutilmoqda. Prezident maqsad import oʻrnini bosadigan va tashqi bozorlarda talabi yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarish ekanini ta'kidladi.
Energetika sohasida soʻnggi yillarda yashil energetikaga 2 mlrd dollar jalb etilib, 1 ming megavatt shamol va 750 megavatt quyosh elektr stansiyalari ishga tushirilgan. Shuningdek, Romitanda 400 mln dollarlik paxta-toʻqimachilik klasteri tashkil etilmoqda, Buxoro turizm markazi va 19 ta yirik turizm loyihasi ham rejalashtirilgan.
Kelgusi besh yilda viloyat aholisini toʻliq ichimlik suvi bilan taʼminlash, yirik shaharlar va tuman markazlarida kanalizatsiya tarmogʻini yaratish koʻzda tutilgan. Shuningdek, transport salohiyatini uch barobar oshirishga qaratilgan 565 mln dollarlik yettita yoʻl loyihasi amalga oshiriladi.
Manba: Daryo