Seshanba, 3-noyabr, 2026
Obuna boʻlish
Dunyo Bugun, 18:12 1 marta oʻqildi

Britaniyada doimiy yashash huquqi uchun kutish muddati uzaytiriladi

Britaniya hukumati immigrantlar uchun doimiy yashash huquqini (ILR) olish shartlarini qattiqlashtirish rejasini taqdim etdi. Yangi tartibga ko‘ra, ko‘pchilik qonuniy immigrantlar uchun kutish muddati 5 yildan 10 yilga uzaytiriladi.

Ichki ishlar vaziri Shabana Mahmud parlamentga immigratsiya qonunchiligini isloh qilish rejasini taqdim etdi. Unga ko‘ra, ILR olish uchun asosiy kutish muddati 10 yil bo‘ladi, hozir esa u 5 yil.

Noqonuniy kirgan immigrantlar va ayrim qochqinlar uchun bu muddat 20–30 yilgacha cho‘zilishi mumkin. Yillik daromadi 125 ming funtdan oshganlar uchun muddat 3 yilgacha qisqartiriladi, 50 ming funtdan oshganlar 5 yildan keyin ariza topshira oladi. Ayrim nafakalarni olgan yoki viza qoidalarini buzgan shaxslar esa 20 yil kutishi kerak bo‘ladi.

Arizachi sudlanmagan, davlatga qarzi bo‘lmagan, kamida so‘nggi uch yil soliq to‘lagan bo‘lishi va ingliz tili hamda Britaniya qonunlari, tarixi va madaniyati bo‘yicha imtihondan o‘tishi talab etiladi.

Hukumat bu choralar nafaqalar hisobidan milliardlab funt tejashga imkon berishini aytmoqda. Sharhlovchilarning fikricha, qaror ichki siyosiy bosim, jumladan, Reform UK partiyasi raqobati bilan ham bog‘liq. Leyboristlar partiyasining ayrim vakillari, xususan, Anjela Reyner, eski qoidalar asosida kelganlarga yangi talablarni qo‘llash adolatsiz ekanini ta’kidlagan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, sof migratsiya 2023 yilda deyarli 1 million kishiga yetgan bo‘lsa, 2025 yilda 2024 yilga nisbatan ikki barobar kamayib, 117 ming kishini tashkil etgan.

Manba: Daryo

Mavzuga oid