Higgsfield asoschisi Aleks Mashrabov Qozogʻiston fuqaroligini oldi
Sun'iy intellekt startapi Higgsfield asoschisi va bosh direktori Aleks Mashrabov Qozogʻiston fuqaroligini oldi. Bu haqda mamlakat sun'iy intellekt va raqamli rivojlanish vaziri Jaslan Madiyev ma'lum qildi.
Vazirning xabariga koʻra, prezident Qosim-Jomart Toqayev tegishli farmonni 30 oktabrda imzolagan. Madiyev bu voqeani Facebook sahifasida e'lon qilib, Prezident sun'iy intellektni rivojlantirish va iqtidorli mutaxassislarni qoʻllab-quvvatlashga alohida e'tibor berayotganini ta'kidladi.
Mashrabovning otasi O‘zbekistonda tugʻilgan, oʻzi esa Rossiyada voyaga yetib, keyinchalik AQShga koʻchib ketgan. Higgsfield jamoasi 2023-yilda Qozogʻistonda biznes uchun poydevor yaratishga qaror qilgan, mamlakat esa kompaniya rivojlanishidagi muhim markazlardan biriga aylangan.
Mashrabov Qozogʻistondagi kuchli muhandislik maktabi, ijodiy salohiyatga ega mutaxassislar va Astana Hub koʻmagini alohida qayd etgan. Higgsfield video va tasvirlar yaratish uchun sun'iy intellekt vositalarini ishlab chiqadi; kompaniya qiymati 5,4 milliard dollar deb baholanmoqda.
Manba: Daryo