CAU Toshkentda 500 dan ortiq tibbiyot talabasini birlashtirdi
Central Asian University Toshkentda 25 ta mamlakatdan kelgan 500 dan ortiq tibbiyot talabasi va xalqaro ekspertlarni ikki yirik tibbiyot tadbiriga jalb qildi. Olimpiada g‘olibi CAU jamoasi bo‘ldi.
Olimpiadada 100 dan ortiq talabalar jamoasi ichki kasalliklar, jarrohlik, shoshilinch tibbiy yordam, ginekologiya va pediatriya yo‘nalishlarini qamrab olgan beshta klinik bosqichda sinovdan o‘tdi. Ishtirokchilar ultratovush tashxisi, laparoskopik jarrohlik, traxeya intubatsiyasi va yangi tug‘ilgan chaqaloqqa yordam ko‘rsatish ko‘nikmalarini namoyish etdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rinni CAU jamoasi egalladi. 2-o‘rin Moskva I.M. Sechenov nomidagi davlat tibbiyot universiteti jamoasiga, 3-o‘rin esa Buyuk Britaniyaning Edinburg universiteti jamoasiga berildi.
31 oktyabrda “Central Asian Expo” ko‘rgazma markazida bo‘lib o‘tgan “Millat salomatligi — 2026” konferensiyasida sun’iy intellekt, birlamchi tibbiy yordamni o‘zgartirish va shifokorlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Asosiy ma’ruzachilardan biri Johns Hopkins universiteti professori, AQSh Oziq-ovqat va dori-darmonlar nazorati boshqarmasining (FDA) sobiq komissari Marti Makari bo‘ldi.
Konferensiyada Cleveland Clinic ekspertlari, Yaponiya va Rossiya mutaxassislari ham ishtirok etdi. CAU Hospital bosh direktori Zulfiya Obidova bo‘lajak klinika konsepsiyasi va Cleveland Clinic bilan hamkorlik haqida gapirdi, CAU Tibbiyot maktabi dekani Murodbek Ahrorov esa ambulator va diagnostik yordamning yangi modeli — Social by AKFA loyihasini taqdim etdi.
Manba: Daryo