Fransiyada ommaviy norozilik: Eyfel minorasi yopildi
Fransiyada 5-noyabrda ish haqini oshirish talabi bilan umummilliy ish tashlash boshlandi. Norozilik tufayli Parijdagi Eyfel minorasi tashrif buyuruvchilar uchun yopildi, Luvrning ayrim zallari esa vaqtincha berkitildi.
Kasaba uyushmalari chaqirig‘i bilan Fransiyada minglab odamlar namoyishga chiqdi. Ular ish haqini oshirish va aholining xarid qobiliyatini yaxshilashni talab qilmoqda. Namoyishlarga talabalar va maktab o‘quvchilari ham qo‘shilgan.
Minoraning rasmiy saytida xabar berilishicha, Eyfel minorasi tashrif buyuruvchilar uchun yopilgan. Elektron chipta sotib olgan mehmonlardan elektron pochtalarini tekshirish so‘ralgan. Le Parisien ma’lumotiga ko‘ra, Luvr muzeyining ayrim zallari ham vaqtincha yopilgan.
Yashash xarajatlarining oshishiga qarshi norozilik sentyabrda yuqori sinf o‘quvchilarining aksiyalari bilan boshlangan, oktyabrda esa ko‘cha tartibsizliklariga aylangan. Ichki ishlar vaziri Loran Nun’yes 4-noyabrda tartibni saqlash uchun 70 ming politsiyachi safarbar etilishini ma’lum qilgan.
Kasaba uyushmalari noyabr oyida mamlakat bo‘ylab 250 dan ortiq namoyish o‘tkazishni rejalashtirgan. Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim shaharlarda namoyishchilar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lgani hamda ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llanganiga oid xabarlar tarqalmoqda.
Manba: Daryo