Payshanba, 5-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Swift teleskopi qutqarish muvaffaqiyatsiz bo'lgach Yerga quladi

NASA'ning 22 yil avval uchirilgan Swift kosmik teleskopi 4-noyabr kuni boshqaruvsiz holda Yerga qulagan. Qutqarish operatsiyasi amalga oshmagach, qurilma atmosferaga kirgan.

Og'irligi 1450 kilogramm bo'lgan teleskop Grinvich vaqti bilan 12:39 da Sumatra orolining shimoliy qismi ustidan atmosferaga kirgan. U 2004-yilda koinotdagi eng kuchli portlashlar — gamma-chaqnashlarni o'rganish uchun orbitaga chiqarilgan edi.

Missiya davomida teleskop 2 mingdan ortiq gamma-chaqnash va 1400 ta yangi yulduzni qayd etgan. Shuningdek, qora tuynuklar, asteroidlar va kometalar ham kuzatilgan. Rejalashtirilgan xizmat muddati tugagach ham teleskop ishlashda davom etgan, oxirgi ilmiy kuzatuvini esa 20-oktabrda o'tkazgan.

NASA 2025-yil sentabrida Katalyst Space kompaniyasi bilan 30 million dollarlik shartnoma imzolagan edi. Robotlashtirilgan apparat teleskopni yuqoriroq orbitaga ko'tarib, ish muddatini uzaytirishi kerak edi. Biroq 3-iyulda uchirilgan LINK apparatida dvigatel va fazoda yo'nalishni saqlash tizimidagi nosozliklar tufayli reja amalga oshmagan. Dvigatelsiz Swift asta-sekin pasayib, oxir-oqibat Yerga qulagan.

Manba: Kun.uz

Mavzuga oid