Hindiston tibbiyot talabalarini Oʻzbekistonga ketishda ogohlantirdi
Hindiston hukumati Oʻzbekistonda tibbiyot boʻyicha oʻqishga ketayotgan fuqarolarini sifatli taʼlim olishga va Hindiston Milliy tibbiyot komissiyasi standartlariga rioya etishga chaqirdi. Talablar bajarilmasa, diplom tan olinmasligi ta’kidlandi.
India Tribune nashriga koʻra, Hindiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Randhir Jaiswal haftalik brifingda mamlakat Oʻzbekiston idoralari bilan doimiy muloqotda ekanini aytdi. Shuningdek, MBBS (tibbiyot boʻyicha bakalavriat) yoʻnalishiga Oʻzbekistonga ketayotgan hindistonlik talabalar soni kamayayotgani haqidagi savolga javob berildi.
Vazirlik talabalarni Hindistondagi va Oʻzbekistondagi “vijdonsiz elementlar” aldashi va ulardan foydalanib qolishi xavfiga qarshi ogohlantirdi. Shu maqsadda Toshkentdagi Hindiston elchixonasi va Milliy tibbiyot komissiyasi chet elga ketayotgan talabalar uchun tavsiyalar eʼlon qilgan. Unga koʻra, oliygohga kirish va shartnoma imzolashdan oldin barcha shart-sharoitlarni diqqat bilan tekshirish talab etiladi.
Komissiya 2026 yil aprel oyida ham alohida ogohlantirish bergan edi: koʻplab talabalar normativ talablarga javob bermaydigan, ruxsatsiz yoki offshor dasturlar asosida ishlaydigan xususiy tibbiyot kollejlariga yozilgani aniqlangan. Bunday muassasalarda oʻquv jadvali, taʼlim muddati va tayyorgarlik standartlari Hindistonda belgilangan majburiy qoidalarga mos kelmaydi. Komissiya talablardan chetga chiqish talabalarning Hindistonda shifokor sifatida roʻyxatdan oʻtishi va litsenziya olishiga toʻsqinlik qilib, diskvalifikatsiyaga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi.
Manba: Daryo