Jizzaxda 9,8 tonna foydali qazilma noqonuniy qazildi: yigitga qamoq
Gʻallaorol tumanida 25 yoshli fuqaro 9,8 tonna foydali qazilmani ruxsatsiz qazib olib, uyida saqlagani uchun sud uni 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qildi.
Gʻallaorol tuman sudi ochiq sud majlisida ishni koʻrib chiqib, ayblanuvchini Jinoyat kodeksining 196-1-moddasi 3-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatda aybdor deb topdi. Unga 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi, u umumiy tartibdagi koloniyada jazoni oʻtaydi.
Ishning mohiyatiga koʻra, fuqaro 2026-yil aprel oyida Uzunboloq qishlogʻi hududidagi Morguzar togʻ tizmasidan 9 840 kilogramm foydali qazilmani ruxsatsiz qazib olgan va uni oʻz turar joyida saqlagan.
Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi xabariga koʻra, 2026-yilning dastlabki toʻqqiz oyida Gʻallaorol tumanidagi Marjonboloq oltin boyitish korxonasi hududida foydali qazilmalarni noqonuniy qazib olish va oʻgʻirlash holatlari qayd etilgan. Ayrim shaxslar javobgarlikka tortilgan, ichki ishlar organlari esa bunday huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik choralar oʻtkazmoqda.
Manba: Daryo