AQSh atom energiyasi ishlab chiqarishda birinchi o‘rinda: 2025-yil natijalari
2025-yil yakunlariga ko‘ra, atom elektr energiyasini eng ko‘p ishlab chiqargan davlatlar reytingi e’lon qilindi. AQSh birinchi o‘rinni egalladi, Xitoy esa yetakchi davlatlar orasida eng katta o‘sishni qayd etdi.
Ember tadqiqot markazining Global Electricity Review 2026 hisobotiga ko‘ra, AQshdagi atom elektr stansiyalari 784,78 TVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqargan. Xitoy (488,18 TVt·soat), Fransiya (392,07), Rossiya (218,65) va Janubiy Koreya (184,67) ro‘yxatning keyingi o‘rinlarini egalladi.
Besh yetakchi davlat ichida eng katta o‘sish Xitoyda kuzatildi: AES lar ishlab chiqarishi 37,33 TVt·soatga, ya’ni 8,28 foizga oshgan. Fransiyada o‘sish 11,62 TVt·soat, Rossiya va AQShda mos ravishda 2,94 va 2,92 TVt·soat bo‘lgan, Janubiy Koreyada esa 4,08 TVt·soatga kamaygan.
Ishlab chiqarish hajmi bilan uning mamlakat energetikasidagi ulushi turlicha. Masalan, Fransiyada 2025-yilda elektr energiyasining 69 foizi AES larda ishlab chiqarilgan, Xitoyda esa bu ko‘rsatkich kichik.
Jahon yadro assotsiatsiyasining World Nuclear Outlook Report 2026 hisobotida ham dunyo bo‘yicha atom energiyasi ishlab chiqarish rekord darajaga yetgani qayd etilgan. Yil davomida 11 ta yangi reaktor qurilishi boshlangan (9 tasi Xitoyda, 2 tasi Rossiyada), 3 tasi tarmoqqa ulangan, 7 tasi esa faoliyatini to‘xtatgan. Hozirgi rejalar amalga oshsa, 2050-yilga borib AES larning umumiy quvvati uch barobar oshishi mumkin, biroq buning uchun yangi reaktorlarni ishga tushirish sur’atini hozirgidan taxminan olti barobar oshirish talab etiladi.
Manba: Daryo