Qozogʻistonda yana bir yoʻlbars tabiatga qaytarildi
Qozogʻistonning Ili-Balxash davlat qoʻriqxonasiga Amur laqabli erkak yoʻlbars ochiq tabiatga qoʻyib yuborildi. U yoʻlbarslarni mamlakatga qaytarish dasturi doirasida tabiatga qaytarilgan ikkinchi yoʻlbars boʻldi.
Ekologiya va tabiiy resurslar vazirligi maʼlumotiga koʻra, Qozogʻiston tabiatida 70 yildan ortiq vaqt davomida yoʻlbarslar uchramagan. Endi esa tabiiy ekotizimlarni tiklash boʻyicha uzoq yillik ishlar natijasida bu yirtqichlar asta-sekin oʻzlarining tarixiy yashash hududlariga qaytmoqda.
Ozod etishdan oldin Amur veterinariya tekshiruvlaridan va xulq-atvor sinovlaridan oʻtgan. Mutaxassislar uning salomatligini, ov koʻnikmalarini va mustaqil ozuqa topish qobiliyatini baholagan, shuningdek, insonga boʻlgan munosabatini tekshirgan. Natijalar yoʻlbarsning yovvoyi tabiatda mustaqil yashashga tayyorligini tasdiqlagan.
Keyingi kuzatuv uchun Amurga GPS moslama oʻrnatilgan. Avval ozod etilgan urgʻochi yoʻlbars Umit qoʻriqxona hududini oʻrganishda davom etmoqda, mustaqil ov qilmoqda va moslashish jarayoni muvaffaqiyatli kechayotgani qayd etilgan. Shuningdek, Qozogʻistonga katta yoʻlbarslar bilan birga olib kelingan ikkita yoʻlbarschaning oʻsishi mutaxassislar nazorati ostida davom etmoqda. Ularni ozod qilish haqida qaror yetarli yoshga yetib, tegishli sinovlardan oʻtgandan keyin qabul qilinadi.
Manba: Daryo