Kelgusi hafta iliq bo'ladi, ayrim hududlarda yomg'ir kutilmoqda
2–8-noyabr kunlari hafta boshidagi salqindan so'ng havo iliqlashadi, dehqonchilik uchun qulay sharoit yuzaga keladi. Ayrim hududlarda yomg'ir, baland tog'larda esa qor kutilmoqda.
Iqlimshunos Erkin Abdulahatovning ma'lumotiga ko'ra, iliq ob-havo ustunlik qiladi. 4–5-noyabr kunlari ayrim hududlarda yomg'ir yog'ishi mumkin.
Iliq va quruq kunlar hosilni yig'ishtirish, kuzgi dala ishlari va bug'doy maydonlarini parvarishlash uchun qulay. Yomg'ir tuproq namligini biroz oshirishi mumkin, baland tog'laridagi qor esa qishki suv zaxiralari uchun muhim hisoblanadi.
Kunduzi havo iliq, ertalablari esa salqin bo'lgani sababli kiyinishga e'tibor berish kerak. Bolalar, keksalar va surunkali kasalliklari bor kishilar ertalabki salqinni hisobga olishi tavsiya etiladi.
Yirik shaharlarda shamolning susayishi va tungi inversiya PM2.5 mayda zarrachalarining to'planishiga sharoit yaratishi mumkin. Shu sababli havo sifatini kuzatib borish va ochiq havodagi jismoniy faollikni cheklash maqsadga muvofiq.
Manba: Kun.uz