AQŞ sudi DV-2027 lotereyasini yana toʻxtatdi
AQŞ Federal apellyatsiya sudi Davlat departamentini Green Card (DV-2027) lotereyasi uchun roʻyxatga olishni tiklashga majbur qilgan qaror ijrosini toʻxtatib qoʻydi. Shu sababli roʻyxatga olish qachon boshlanishi hali noma'lum.
Apellyatsiya sudi 29-oktabr kuni qaror chiqarib, “Red Eagle Law LC” immigratsiya yuridik firmasining talabini qanoatlantirish uchun huquqiy asos yetarli emasligini ma'lum qildi. Sudning fikricha, yuridik kompaniyaning tijoriy manfaatlari lotereya haqidagi qonun bilan himoyalanadigan manfaatlar qatoriga kirmaydi. Firma 2026-yil avgust oyida, hukumat roʻyxatga olishni boshlamaganidan keyin sudga murojaat qilgan edi.
Oldinroq, 14-oktabr kuni Kaliforniya Janubiy okrugi sudi Davlat departamentini roʻyxatga olish sanalarini e'lon qilish, arizalarni 1-noyabrdan kechiktirmay qabul qilishni boshlash va saralangan ishtirokchilarni 2026-yil 3-dekabrgacha natijalar haqida xabardor qilishga majbur qilgan edi. Hukumat bu qarorni apellyatsiya tartibida shikoyat qildi va uch sudyadan iborat hay'at uning ijrosini vaqtincha to‘xtatdi. Shu bilan birga, sudyalar Davlat departamentining roʻyxatga olishni boshlamaslik bo‘yicha harakatsizligini qo‘llab-quvvatlamasliklarini ta'kidladi.
Eslatib o‘tamiz, Donald Tramp ma'muriyati 2025-yil dekabr oyida Diversity Visa dasturini to‘xtatgan edi. Bu qaror Rod-Aylend va Massachusets shtatlarida sodir bo‘lgan ikkita otishma hodisasidan keyin qabul qilindi. Jinoyatda gumon qilingan shaxs ilgari shu dastur orqali AQŞ vizasini olgan Portugaliya fuqarosi bo‘lib chiqdi. Huquqni muhofaza qilish organlari ma'lumotlariga ko‘ra, u keyinroq jasadi topilganidan so‘ng o‘z joniga qasd qilgan.
Manba: Kun.uz