Agrobank Jizzax va Sirdaryoda uskunalar markazlarini ochdi
Agrobank Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida ishlab chiqarish uskunalari markazlarini ochdi. Bu yerda tadbirkorlar uskunani ko‘rib, sinab tanlashi, biznes-reja tuzishi va kredit rasmiylashtirishi mumkin.
Markazlarda qadoqlash, oziq-ovqat, qandolat, sovutish, plastmassa, qishloq xo‘jaligi, metall va shishaga ishlov berish, lazer hamda poligrafiya yo‘nalishlaridagi uskunalar namoyish etiladi. Tashrif buyuruvchilar ularning ishlashini amalda ko‘rib, o‘z ehtiyojiga mos uskunani tanlashi mumkin.
Markaz mijozlari uchun «Loyihalar fabrikasi» bilan hamkorlikda biznes-reja tayyorlanadi, Agrobank krediti esa joyida rasmiylashtiriladi. Uskunani yetkazib berish, o‘rnatish va ishga tushirish, shuningdek, ishlab chiqarish boshlangandan keyin texnik xizmat ko‘rsatish ham bank tomonidan tashkil etiladi.
Tanlangan texnikaning narxi 2 mln so‘mdan 100 mln so‘mgacha bo‘lishi mumkin. Qimmatroq uskunalar Xitoy va Turkiyadagi ishlab chiqaruvchilardan buyurtma asosida keltiriladi. Tashabbus hududlardagi aholi va tadbirkorlar muammolarini o‘rganish asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, mahalla va xonadonlarda kichik ishlab chiqarishni rivojlantirishga qaratilgan.
Jizzax markazi Sharof Rashidov tumani, Yangihayot MFY, Paxtakor ko‘chasi, 141-uyda (Agromarkaz binosi), Sirdaryo markazi esa Guliston shahri, Bahor MFY, Toshkent shoh ko‘chasi, 77-uyda joylashgan.
Manba: Daryo