Dushanba, 2-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Poytaxt Parking nomidan soxta SMS-xabarlar tarqalmoqda

Toshkentdagi avtoturargohlar operatori Poytaxt Parking o'z nomidan yuborilayotgan soxta SMS-xabarlar haqida ogohlantirdi. Xabarlarda parkovka uchun qarzdorlik borligi aytilib, shubhali havolaga o'tish talab qilinmoqda.

Xabarlar Filippin (+63) va Marokash (+212) kodli raqamlardan kelmoqda. Kompaniya boshqa raqamlardan ham foydalanilishi mumkinligini istisno etmaydi.

Firibgarlar qarzni uzish uchun havolaga kirib, avtomobil davlat raqamini kiritishni so'raydi. Havoladagi sayt manzili rasmiy saytga o'xshatib soxtalashtirilgan. Xabarlarda to'lov uch kunga kechiktirilgani va qarz uzilmasa xizmatlardan foydalanish cheklanishi haqida tahdid ham bor.

Kompaniya bunday xabarlarni yubormasligini ma'lum qildi. Qabul qiluvchilarga xabarni o'chirish, havolalarga o'tmaslik va karta rekvizitlarini kiritmaslik tavsiya etiladi. Karta ma'lumoti allaqachon kiritilgan bo'lsa, bankka murojaat qilib, kartani bloklash zarur. Parkovka holatini faqat Poytaxt Parking ilovasida tekshirish mumkin; savollar uchun 78 113 67 00 raqamiga yoki qo'llab-quvvatlash botiga murojaat qilish mumkin.

Manba: Gazeta.uz

Mavzuga oid