Payshanba, 5-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Mask sarflagan yarim milliard dollar respublikachilarga foyda bermadi

Ilon Mask oraliq Kongress saylovlarida respublikachi nomzodlarni moliyalashtirish uchun yarim milliarddan ortiq dollar sarflagan, biroq ulardan koʻpchiligi mag‘lubiyatga uchradi.

Reuters maʼlumotiga koʻra, Mask moliyalashtirgan 43 nafar respublikachidan atigi uchtasi Vakillar palatasiga saylandi, 33 nafari mag‘lub boʻldi, yana yettitasining natijasi hali aniqlanmagan. Senatga koʻrsatgan nomzodlarning oltitasi ham yutqazgan.

Texasda Ken Paxtonni qoʻllab-quvvatlash uchun 230 mln dollar, gubernatorlik poygasi uchun esa 5 mln dollar sarflagan Mask, baribir butunlay magʻlubiyatga uchragan. Shtatda demokratlar senator va gubernator lavozimlarini egallagan.

OpenSecrets ma’lumotlariga koʻra, Mask faqat Kongress saylovlariga 445 mln dollar sarflagan, Financial Times esa umumiy summani 470 mln dollardan oshgan deb hisoblaydi. Mask ijtimoiy tarmoq X’da saylov natijalariga shunday izoh bergan: «Koʻrinishidan, saylovga aralashishga moʻljallangan kosmik lazerlarim bu safar ish bermadi».

Demokratlar Kongressda nazoratni qoʻlga olgani, Maskning Starlink va maʼlumotlar markazlari loyihalari ustidan tekshiruv kuchayishi, shuningdek, uning Tramp maʼmuriyati va Texas rasmiylari bilan aloqalari tekshirilishi mumkinligi investorlarni xavotirga solgan. Shu sababli chorshanba kuni SpaceX aksiyalari 3,9%, Tesla aksiyalari 3,3% ga arzonlashgan.

Manba: Kun.uz

Mavzuga oid