Yangi Zelandiya qirgʻogʻida kitlar qolib ketdi, koʻpi nobud boʻldi
Yangi Zelandiyaning Shimoliy orolida bir necha oʻnlab grinda kitlar sayoz suvda qolib ketdi. Ularning aksariyati halok boʻlgan, tirik qolganlarni qutqarish ishlari davom etmoqda.
Tabiatni muhofaza qilish departamenti Pallisser burni yaqinidagi Ngavi qirgʻogʻida kamida 20 ta grinda aniqlanganini maʼlum qildi. Mahalliy aholi esa bir kechada qirgʻoqqa 50 tagacha kit chiqqanini aytmoqda.
Departament mahalliy maori qabilasi va Project Jonah tashkiloti bilan birgalikda tirik qolgan kitlarni saqlashga urinmoqda. Koʻngillilar kitlarning tanasi quruq qolmasligi uchun ularga suv quyib, nam sochiqlar bilan yopmoqda.
Hozirgacha ikkita kit dengizga qaytarilgan. Project Jonah maʼlumotiga koʻra, yana toʻrtta kit tirik, ularni suv koʻtarilganda dengizga qaytarish rejalashtirilgan.
Ngavi hududida yashovchi Rob Barg vaziyatni dahshat deb atadi: «Bu dahshat. Tirik qolganlari ham zoʻrgʻa nafas olyapti». Kitlarning nima uchun qirgʻoqqa chiqqani hali aniq emas.
Manba: Daryo