Olmaotada “ruslar mamlakati” deb aytgan erkak 20 sutkaga qamaldi
Olmaotadagi savdo markazida qoʻriqchi va xaridorlar bilan janjallashgan 40 yoshli erkak 20 sutkalik maʼmuriy qamoq jazosiga tortildi. Tortishuv chogʻida u «Bu — ruslar mamlakati» deb aytgani qayd etilgan.
Politsiya departamenti maʼlumotiga koʻra, voqea superbozor chiqish qismida boʻlgan. Qoʻriqchi energetik ichimlik bilan chiqayotgan erkakdan chekni koʻrsatishni soʻragan, shundan keyin tortishuv boshlangan.
Ijtimoiy tarmoqlarga tarqalgan videoda boshqa xaridorlar ham janjalga qoʻshilib, erkakni qoʻriqchiga hurmat bilan munosabatda boʻlishga chaqirgani koʻrinadi. Ulardan biri Qozogʻiston qozoqlar mamlakati ekanini eslatib, talabni bajarishga undagan. Keyinroq chekni tekshirgan qoʻriqchi ichimlik uchun toʻlov qilinganini tasdiqlagan.
Video tarqalgach oʻtkazilgan tezkor tekshiruv natijasida shaxs aniqlangan: u Olmaotada yashovchi 40 yoshli Qozogʻiston fuqarosi ekan. Sud qarori bilan unga maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.
Ilgari Putindan Qozogʻistonga qoʻshin kiritishni soʻrab murojaat qilgan ayol ushlangani ham xabar qilingan edi.
Manba: Daryo