Olmazorda qurilish korxonasiga 1,23 mlrd soʻm ekologik kompensatsiya
Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi Toshkentning Olmazor tumanida havoni ifloslantirgan “N.H.P” MChJga atrof-muhitga yetkazilgan zarar uchun 1,23 mlrd soʻmdan ortiq kompensatsiya toʻlovini hisobladi.
Fuqarolarning murojaatlari asosida qoʻmitaning Ekopolitsiya xodimlari korxona faoliyatini oʻrgandi. Tekshiruvda qurilish maydonidan chiqish joyida transport gʻildiraklarini yuvish postlari yoʻqligi aniqlandi. Natijada yuk mashinalari loy va tuproqni koʻchaning 2–2,5 kilometr qismiga olib chiqqan.
Shuningdek, chang koʻtarilishining oldini olish uchun suv purkash qurilmalari oʻrnatilmagan, atmosfera havosini muhofaza qilish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqilmagan. Korxona davlat ekologik ekspertizasi xulosasidagi talablarni bajarmagan, qurilayotgan yer osti avtoturargohi esa ekspertizadan oʻtgan loyihada koʻzda tutilmagan.
Tekshiruvda chuqurlardan qazib olingan 87 ming kub metrdan ortiq tuproq qayerga joylashtirilgani haqida hujjatlar taqdim etilmagani ham ma’lum boʻldi. Vazirlar Mahkamasining 202-sonli qaroriga asosan korxonaga kompensatsiya hisoblangan, shuningdek, kamchiliklarni bartaraf etish, changni oldini olish va toʻxtatish, daraxt koʻchatlari ekish boʻyicha koʻrsatmalar berilgan.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida oltita korxona ishlab chiqarish oqova suvlarini yetarli darajada tozalamasdan ochiq joyga tashlagani aniqlangan edi.
Manba: Daryo