Oʻzbekistonda ekstremistik internet-resurslar soni 14 foizga oshdi
DXX rahbari Bahodir Qurbonov 2026 yilda ekstremistik va terrorchilik xususiyatiga ega 49 mingdan ortiq internet-resurs aniqlanganini, bu 2025 yilga nisbatan 14 foiz koʻp ekanini maʼlum qildi.
6 noyabrda Samarqandda boʻlib oʻtgan Xavfsizlik masalalari boʻyicha ShHT plyus birinchi ekspert muloqotida soʻzga chiqqan DXX rahbari terrorchi va ekstremistik tashkilotlar gʻoyalarini tarqatish, tarafdor yigʻish, moliyalashtirish va hujumlarga tayyorgarlik koʻrishda raqamli texnologiyalardan faol foydalanayotganini qayd etdi.
Shuningdek, u sunʼiy intellektni terrorchilik maqsadlarida ishlatishning oldini olish xavfsizlikning ustuvor yoʻnalishlari qatoriga kirishini aytdi. 2021–2026 yillarga moʻljallangan milliy strategiya doirasida idoralararo va xalqaro hamkorlik mexanizmlari takomillashtirilgani ham taʼkidlandi. 2026 yilgi Global terrorizm indeksida Oʻzbekiston 96-oʻrinni egallagan, bu minimal xavf toifasiga kiradi.
Tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyevning murojaati ham oʻqib eshittirildi. Unda terrorchi tashkilotlarning raqamli muhitdan foydalanishi jiddiy tashvish uygʻotayotgani, axborot almashish va milliy salohiyatni mustahkamlash zarurligi qayd etildi.
Manba: Daryo