Mirziyoyev: raqamli tahdidlarga qarshi hamkorlik zarur
6-noyabr kuni Samarqandda Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) doirasida oʻtkazilgan xavfsizlik masalalari boʻyicha birinchi ekspertlar muloqoti ishtirokchilariga yoʻllangan murojaatda Prezident Shavkat Mirziyoyev raqamli texnologiyalar yangi zaifliklar paydo qilayotganini ta'kidladi.
Prezidentning qayd etishicha, raqamli texnologiyalar, sun'iy intellekt va global aloqa vositalarining rivojlanishi bilan transmilliy tahdidlarning mohiyati chuqur oʻzgarmoqda. Bu jarayon taraqqiyot uchun keng imkoniyatlar ochish bilan birga yangi zaifliklarni ham shakllantirmoqda.
Kiberfazo an'anaviy usullar bilan bir qatorda tarmoq orqali hujumlar, jamoatchilik ongini boshqarish va yolgʻon axborot tarqatish vositalari faol qoʻllanadigan asosiy toʻqnashuv maydoniga aylangani aytildi. Terrorchi tashkilotlar internet-platformalardan radikal gʻoyalarni targʻib qilish va yangi tarafdorlar jalb etish uchun foydalanayotgani xavotir uygʻotmoqda.
Murojaatda yoshlar aholining eng zaif toifasi ekani, destruktiv kuchlar esa ularning ongiga qasddan ta'sir oʻtkazayotgani qayd etildi. Bunday jarayonlar millatlararo va konfessiyalararo totuvlikka putur yetkazishi mumkinligi sababli, oldindan harakat qilish, axborot almashish va xavfsizlik boʻyicha kelishilgan yondashuvlar muhimligi ta'kidlandi.
Prezident hech bir davlat chegara bilmaydigan tahdidlarga yakka oʻzi toʻliq qarshi tura olmasligini, bunday sharoitda xalqaro hamkorlik, oʻzaro ishonch va amaliy mexanizmlar zarurligini aytdi. Shuningdek, ShHT 25 yil davomida xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik boʻyicha samarali platformaga aylangani, Oʻzbekiston esa tashkilot hammuassisi sifatida uning rolini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratayotgani bildirildi.
Manba: Gazeta.uz