Oʻzbekistonda BMT Aksilterror boshqarmasi ofisi ochilishiga tayyorlik
Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-noyabr kuni Astanada Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining sun'iy intellekt sohasidagi xavfsizlikka bagʻishlangan uchrashuvida Oʻzbekistonda BMTning Aksilterror boshqarmasi mintaqaviy ofisini ochishga tayyorlik bildirdi.
Uchrashuvda xavfsizlik, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash hamda raqamli texnologiyalar bilan bogʻliq yangi tahdidlar muhokama qilindi. Yoshlar orasida radikallashuvning oldini olish mexanizmlarini takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Mintaqaviy ofis Markaziy Osiyo davlatlariga terrorchilik mazmunidagi materiallar haqida ogohlantirish kanallarini ishga tushirish, terrorizmni moliyalashtirish holatlarini aniqlash va mutaxassislar malakasini oshirishda yordam berishi kutilmoqda. Shuningdek, bu jarayonlarda sun'iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish nazarda tutilgan.
Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi negizida «Raqamli davrda jaholatga qarshi maʼrifat» xalqaro dasturini yoʻlga qoʻyish taklif etildi. Prezident «Inson manfaatlari yoʻlida raqamli taraqqiyot» tashabbusini ham ilgari surdi.
Manba: Daryo