Qurilish shartnomalarining 132 tasida istehlakchi huquqlari cheklangan
Raqobat qoʻmitasi 2026 yilning yanvar–sentabr oylarida qurilishga oid 1700 dan ortiq shikoyatni koʻrib chiqib, istehlakchilar foydasiga 14,5 mlrd soʻm qayta hisob-kitob qildi. Shu bilan birga, 132 ta tashkilot shartnomalarida istehlakchi huquqlarini cheklovchi bandlar aniqlandi.
Tahlil Toshkent shahri va 11 ta viloyatdagi 132 ta tashkilot shartnomalarini qamrab oldi. Eng koʻp tashkilotlar Toshkent shahri, Namangan, Navoiy va Toshkent viloyatlariga toʻgʻri keldi.
Shartnomalarning 77,3 foizida shartnoma bekor qilinganda toʻlangan mablagʻni qaytarish muddati belgilanmagan yoki belgilangan muddat dastlabki toʻlov muddatiga mos kelmagan. Yana 63,6 foizida xonadon qabul qilingandan keyingi kafolat muddati koʻrsatilmagan, 59,1 foizida esa shartlar asosan quruvchi manfaatlarini hisobga olib tuzilgan.
Istehlakchi tashabbusi bilan bekor qilinganda toʻlovning 4–15 foizini ushlab qolish, pulni uy qayta sotilgandan keyin qaytarish, narxni bir tomonlama oshirish va xaridorga nisbatan yuqori penya belgilash kabi holatlar ham qayd etildi.
Qoʻmita aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tegishli organlarga takliflar kiritdi. Fuqarolarga koʻp kvartirali uydan xonadon sotib olishda shartnomani diqqat bilan oʻrganish va huquqshunos bilan maslahatlashish tavsiya etildi. Qonunga zid shartlar aniqlansa, vakolatli davlat organlari yoki sudga murojaat qilish mumkin.
Manba: Gazeta.uz