Paragvay prezidenti bank inqirozi sabab istefoga chiqdi
Paragvay prezidenti Santyago Penya Ueno Bank inqirozi ortidan lavozimidan istefoga chiqishini e'lon qildi. Bank bilan bog'liq moliyaviy muammolar mamlakatda siyosiy inqirozga aylandi.
Penya qaroriga mamlakat barqarorligi, jamiyatdagi tinchlik va demokratik institutlarni saqlash zarurati sabab bo'lganini aytdi. U o'ziga bildirilgan ishonchga xiyonat qilish niyati bo'lmaganini ta'kidladi. Ma'lumotlarga ko'ra, prezident ilgari bankka egalik qiluvchi kompaniyaning aksiyadorlaridan biri bo'lgan.
Paragvay Markaziy banki moliyaviy muammolar tufayli Ueno Bankni o'z nazoratiga oldi. Natijada qariyb 3 million mijozning bank hisoblari muzlatildi, bu mamlakat aholisining deyarli yarmiga teng.
Shundan so'ng mamlakatda ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi. Muxolifat parlamentga prezidentni lavozimidan chetlatish bo'yicha impichment taklifini kiritdi. 5 noyabrga kelib prezident o'z partiyasidagi deputatlarning qo'llab-quvvatlashidan ham mahrum bo'ldi.
Istefodan so'ng vitse-prezident Pedro Alyana lavozimni egallashi kutilmoqda. U 2028 yil avgustigacha davom etadigan prezidentlik muddatini yakunlashi kerak.
Manba: Daryo