Payshanba, 5-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Koreyada Tesla FSD funksiyasini noqonuniy yoqqan 80 haydovchi ayblanmoqda

Janubiy Koreya politsiyasi Tesla avtomobillarida ruxsat etilmagan FSD funksiyasini maxsus qurilmalar yordamida ishga tushirgan 80 haydovchiga ayb qo‘ydi. Ularga ikki yilgacha qamoq yoki 15 ming dollargacha jarima qo‘llanishi mumkin.

Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, haydovchilar sotib olingan yoki o‘zlari yasagan qurilmalar orqali ishlab chiqaruvchi o‘rnatgan dasturiy cheklovlarni chetlab o‘tgan. Politsiya shunday 21 ta qurilmani musodara qildi.

Politsiyaning ta'kidlashicha, bunday harakatlar yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soladi: tizim yo‘ldagi vaziyatni noto‘g‘ri baholashi yoki haydovchi xohishiga zid harakat qilishi mumkinligi tasdiqlangan. Gumonlanuvchilardan biri IT sohasida ishlaydi va GitHub’dagi ma'lumotlardan foydalanib qurilma yasagan, ayrimlari esa internetdagi guruhlarda tajriba almashgan.

FSD tizimidan qonuniy foydalanish Koreyada faqat AQShda ishlab chiqarilgan Model S, Model X va Cybertruck kabi Tesla modellariga ruxsat etilgan, chunki ular erkin savdo kelishuvi bo‘yicha Koreyaning sertifikatlash talablaridan ozod. Xitoyda ishlab chiqarilgan Model 3 va Model Y esa Koreya xavfsizlik standartlaridan o‘tmagan.

Carisyou Data Lab ma'lumotiga ko‘ra, avgust holatiga yo‘llarda 229 311 ta Tesla bo‘lgan, ulardan atigi 47 458 tasi (20,7 foizi) FSD dan qonuniy foydalanishi mumkin. Aprelda Yer, infratuzilma va transport vazirligi noqonuniy faollashtirish belgilarini aniqlab, politsiyadan tergov boshlashni so‘ragan. Qonunga ko‘ra, avtomobil harakatiga ta'sir qilishi mumkin bo‘lgan dasturiy ta'minotni o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish taqiqlangan.

Manba: Daryo

Mavzuga oid