Payshanba, 5-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Profilaktika subyektlari 21 taga kengaytirilishi taklif etilmoqda

Huquqbuzarliklar profilaktikasi subyektlari soni 14 tadan 21 taga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Bosh prokurorning birinchi oʻrinbosari Bahriddin Valiev «Oʻzbekiston 24» telekanaliga bergan intervyuda aytdi.

Qonunning yangi tahriri loyihasiga koʻra, profilaktika organlarining faoliyati endi qonunchilik asosida tashkil etiladi. Ilgari ular oʻz qarorlari yoki deklaratsiyalari asosida ishlagan. Taklif etilayotgan yangi subyektlar qatoriga Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Ijtimoiy himoya agentligi, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, Mahallalar uyushmasi, Markaziy bank, komplaens tuzilmalari va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari kiradi.

Bosh prokuraturaga ushbu organlar faoliyatini nazorat qilish mexanizmini ishlab chiqish topshirilgan. Shuningdek, davlat organlarining axborot resurslarini birlashtiruvchi yagona kriminogen maʼlumotlar platformasini yaratish taklif qilinmoqda, vazirliklarning raqamlashtirish boʻyicha koʻrsatkichlari esa yagona standartga keltiriladi.

Qonunchilik palatasi qoʻmitasi raisi Ulugʻbek Shermatovning aytishicha, loyihada giyohvandlikka qarshi kurash, alkogol iste'mol qilishga moyil shaxslar, kiberjinoyatchilik hamda uyushgan jinoiy guruhlar bilan ishlash boʻyicha maxsus profilaktika choralari nazarda tutilgan. Profilaktik hisobga olinishi lozim boʻlgan shaxslar toifalari ham kengaytirilmoqda.

Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati boshligʻi Sharof Oʻrolovning maʼlumotiga koʻra, qasddan jinoyat uchun jazoni oʻtab boʻlgan shaxslar hamda toʻqqiz turdagi maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar profilaktik hisobga olinishi rejalashtirilmoqda. Loyihada, shuningdek, profilaktika inspektorlari rahbarligida ishlaydigan ijtimoiy profilaktikaning yetti subyekti belgilanmoqda, ularga taʼlim muassasalari rahbarlari va mas'ul xodimlarini kiritish taklif etilmoqda.

Manba: Gazeta.uz

Mavzuga oid