Seshanba, 3-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Kaliningradda 3 ming km masofani kuzatadigan radar qurilishi yakunlanmoqda

Rossiyaning Kaliningrad viloyatida havo, raketa va kema nishonlarini 3000 km masofadan aniqlay oladigan yirik radiolokatsion stansiya qurilishi yakunlanmoqda. Deutsche Welle xabariga koʻra, uning taʼsir doirasiga Yevropaning katta qismi kirishi mumkin.

Sunʼiy yoʻldosh tasvirlarida uzunligi 500 metrdan oshadigan uchta qator antenna koʻrinmoqda. Majmua Polsha chegarasidan 37 kilometr uzoqlikdagi Gvardeysk tumanida joylashgan va ikki qator devor bilan oʻralgan. Defence24 nashri qurilish 2023-yil martida boshlanganini aytgan.

Taxminlarga koʻra, bu 29B6 «Kontayner» majmuasiga oʻxshash qisqa toʻlqinli radar boʻlishi mumkin. Uning signallari ionosferadan qaytib, uzoqdagi nishonlarni aniqlashga imkon beradi. Rossiya harbiylarining taʼkidlashicha, stansiya bir vaqtning oʻzida 10 mingtagacha havo nishonini, jumladan, F-35 samolyotlarini kuzatishi mumkin. Litva zaxira polkovnigi Vaydotas Malinionis yangi radar Rossiya qoʻmondonligiga NATO bilan nizo yuzaga kelganda qaror qabul qilish uchun qoʻshimcha vaqt berishi mumkinligini aytgan.

Latviyalik harbiy tahlilchi Eviya Dyatkovichning fikricha, radar past uchadigan obyektlar, jumladan, dronlarni aniqlashda ham yordam beradi. Bu esa NATO davlatlarining dronlardan samarali foydalanishini pasaytirishi mumkin. Shuningdek, Chernyakhovsk tumanida diametri 1600 metrdan ortiq boʻlgan yana bir halqasimon radar qurilmoqda. Uning maqsadi hali nomaʼlum, viloyatda esa 20 dan ortiq radioelektron razvedka va qarshi kurash obyekti mavjud.

Malinionisning fikricha, Rossiya Kaliningrad viloyatiga 100 tagacha yadro kallagini joylashtirishi mumkin. Polsha va Litva yuqori martabali manbalari esa ularning bir qismi allaqachon shu hududda turganini aytmoqda.

Manba: Daryo

Mavzuga oid