Pul oʻtkazmalari 15,2 mlrd dollarga yetdi, ammo oʻsish sekinlashdi
Yanvar–sentyabr oylarida Oʻzbekistonga xorijdan pul oʻtkazmalari 15,2 mlrd dollarga yetdi. Biroq yillik oʻsish sur'ati oldingi yillarga nisbatan keskin pasaydi.
Markaziy bank ichki valyuta bozori boʻyicha sharhida qayd etilishicha, bu davrda xorijdan kelgan oʻtkazmalar hajmi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 8,9 foizga koʻpaygan. Shu bilan birga, mamlakatdan xorijga 1,95 mlrd dollar yuborilgan, sof saldo esa 13,2 mlrd dollarni tashkil etgan.
Oʻsish sur'ati esa sezilarli darajada pasaygan: 2024 yilda 34,7 foiz, 2025 yilda 23,7 foiz boʻlgan boʻlsa, 2026 yilda atigi 8,9 foiz. Uchinchi chorakda ham oʻsish 2,9 foizdan oshmagan. Chiquvchi oʻtkazmalar esa deyarli oʻzgarmagan.
Oʻtkazmalar geografiyasi ham oʻzgarmoqda: Rossiyaning ulushi 77,6 foizdan 72,4 foizga tushgan, Qozogʻiston, Janubiy Koreya va Yevropa Ittifoqi davlatlari ulushi oshgan. 2 noyabrda boʻlib oʻtgan yigʻilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev yillik pul oʻtkazmalari hajmini 50 mlrd dollarga yetkazish vazifasini qoʻydi.
Manba: Gazeta.uz