Oʻzbekiston 2027-yilda JSTga aʼzo boʻlishi kutilmoqda
Oʻzbekiston 2026-yilda muzokaralarni yakunlab, 2027-yilda Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo boʻlishni maqsad qilgan. Bu haqda JSTga aʼzolik boʻyicha ishchi guruh rahbari Sung Yo Choi 3-noyabrda Toshkentdagi matbuot anjumanida maʼlum qildi.
Ishchi guruh 2026-yilda ikkita yigʻilish oʻtkazgan, aʼzo davlatlarning 400 dan ortiq savoliga javob bergan va 30 dan ortiq hujjat taqdim etgan. Bozorlarga kirish boʻyicha ikki tomonlama muzokaralarda 30 dan ortiq kelishuvga erishilgan.
Ishning ikkinchi yoʻnalishi Oʻzbekistonning tashqi savdo tartib-taomillarini JST talablariga moslashtirishdir. Bu katta hajmdagi texnik ishlarni talab qilmoqda, ularning bir qismi ishchi guruh hisobotining dastlabki loyihasida aks etgan.
Oʻtgan davrda eksport ruxsatnomalari roʻyxati bekor qilinib, shaffof eksport boji mexanizmi joriy etildi. Yirik davlat korxonalarining eksklyuziv huquqlari bekor qilindi, elektr va gaz savdosi hamda ikkilamchi va rangli metallar bilan xususiy sektor ham shugʻullanadigan boʻldi.
Shu bilan birga, muzokaralar osonlik bilan kechmayotgani taʼkidlandi: har bir davlatning oʻz manfaatlari bor. Avvalroq prezident farmoni bilan 2026-yil dekabrda aʼzolikni rasmiylashtirish bosqichiga oʻtish belgilangani eslatildi.
Manba: Daryo