Qozogʻiston Isroilga bugʻdoy yetkazib berishni koʻrib chiqmoqda
Qozogʻiston Isroil bozoriga 500 ming tonnagacha bugʻdoy yetkazib berish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda. Yetkazib berish Ozarbayjon va Gruziya orqali oʻtuvchi transport yoʻlagi yoki Boltiq dengizi portlari orqali amalga oshirilishi mumkin.
Bu taklif Quddusda boʻlib oʻtgan savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya yigʻilishida ilgari surilgan. Taklifni «Oziq-ovqat korporatsiyasi» boshqaruvi raisining oʻrinbosari Samat Tenbaev bildirgan.
Qozogʻiston tomoni Isroil bozori ehtiyojlarini hisobga olib, 200 ming tonnadan 500 ming tonnagacha bugʻdoy va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetkazib berish boʻyicha uzoq muddatli shartnomalar tuzishga tayyorligini maʼlum qilgan.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi maʼlumotlariga koʻra, Qozogʻiston mahsulotlari dunyoning 80 dan ortiq mamlakatiga eksport qilinadi. Vazirlik oktyabr oyi oxirida fermerlar 24,3 million tonna gʻalla yetishtirganini xabar qilgan, bu oʻtgan yilgi koʻrsatkichdan 10 foiz kam.
Maʼlumot oʻrnida: 2025-yilda Oʻzbekistonga 8 ta xorijiy davlatdan qiymati 124,6 million dollar boʻlgan 422,6 ming tonna bugʻdoy uni import qilingan. Eng yirik yetkazib beruvchi Qozogʻiston (399,8 ming tonna) boʻlgan, undan keyin Rossiya va Tojikiston mos ravishda 22,1 ming va 425 tonna yetkazib bergan.
Manba: Daryo