Payshanba, 5-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Xakerlar Fransiyada qon saqlanadigan muzlatkichlarga hujum qildi

2-noyabr kuni xakerlar Fransiyaning Burgundiya – Franş-Konte mintaqasidagi qon xizmati omborlari muzlatkichlarining boshqaruv tizimiga masofadan kirib, harorat sozlamalarini minus 30 darajadan plyus 110 darajagacha o'zgartirgan.

Haroratning keskin ko'tarilishi biomateriallar saqlanadigan muzlatkichlarda yuz bergan. Hujum Coolworld kompaniyasining sovutish tizimiga qaratilgan edi.

Texnik xodim haroratning keskin o'zgarganini o'z vaqtida payqagan, shu tufayli jiddiy oqibatlarning oldi olingan. Frantsiya Sog'liqni saqlash vazirligi hodisa muassasa faoliyatiga ta'sir qilmaganini ma'lum qildi.

Qon xizmati rahbari Frederik Pakud hujum natijasida bemorlar salomatligiga zarar yetmaganini ta'kidladi. Shu bilan birga u bemorlarni davolash uchun mo'ljallangan namunalar va plazma zaxiralarini yo'qotish xavfi bo'lganini aytdi.

Shu kuni Belgiya, Shvetsiya, Lyuksemburg, Irlandiya, Niderlandiya va Estoniyadagi o'nlab supermarketlarning muzlatkich va muzxona tizimlariga ham kiberhujumlar uyushtirilgan. Ularning natijasida mahsulotlarga jiddiy zarar yetgan.

Manba: Daryo

Mavzuga oid