Disney minglab xodimlarni ishdan bo‘shatishni rejalashtirmoqda
Walt Disney Co. media korporatsiyasi xarajatlarni qisqartirish maqsadida minglab ish o‘rinlarini qisqartirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda nashr Bloomberg agentligiga tayanib xabar berdi.
Kompaniyadagi anonim manbalarga ko‘ra, ayrim menejerlarga joriy yil xarajatlarini 20 foizgacha tejash vazifasi yuklangan. Ular buning uchun xodimlarni qisqartirishni rejalashtirmoqda.
Prognozlarga ko‘ra, qisqartirishlar tematik bog‘lar, telekanallar va kinostudiya kabi tarmoqlarga kuchliroq ta’sir qiladi. Manbalarning aytishicha, bosh direktor Josh D’Amaro tejalgan mablag‘larni kino va televizion mahsulotlar ishlab chiqarish, texnologiyalar hamda kruiz biznesiga yo‘naltirishni maqsad qilgan.
Kompaniya bu ma’lumot yuzasidan izoh berishdan bosh tortgan. Eslatib o‘tamiz, so‘nggi yillarda Disney milliardlab dollar xarajatlarni qisqartirgan va minglab xodimlarni ishdan bo‘shatgan. ABC, Pixar va ESPN kabi brendlar xodimlari ham qisqartirishlarga duch kelgan.
Manba: Daryo