Dushanba, 2-noyabr, 2026
Obuna boʻlish
Dunyo Bugun, 20:54 1 marta oʻqildi

Qozogʻistonda toʻntarish uyushtirishda gumonlanib 10 kishi ushlandi

Qozogʻiston Milliy xavfsizlik qoʻmitasi Atirau shahrida ekstremistik guruh tuzish va davlat toʻntarishi rejalashtirishda gumonlangan 10 kishini qoʻlga oldi. Hibsga olish 30-oktyabrda prokuratura nazorati ostida amalga oshirilgan.

Qoʻmita matbuot xizmati maʼlumotiga koʻra, guruh mamlakatning gʻarbiy hududida konstitutsiyaviy tuzumni kuch bilan oʻzgartirishni niyat qilgan. Hozircha ish sudgacha boʻlgan tergov bosqichida.

Gumonlanuvchilar ekstremistik guruh tuzish va unga rahbarlik qilish, uning faoliyatida ishtirok etish, terrorizmni targʻib qilish hamda diniy adovatni qoʻzgʻatishda ayblanmoqda. Ularning uylarida oʻtkazilgan tintuv chogʻida oʻqotar qurollar, giyohvand moddalar, diniy buyumlar va adabiyotlar olib qoʻyilgan, uchta yashirin taʼlim markazi faoliyati esa toʻxtatilgan.

Qoʻmita baʼzi ushlanganlar ilgari terrorizm va boshqa jinoyatlar uchun sudlangani haqida xabar bergan. Shuningdek, 2025-yilda Olmaotada terakt rejalashtirgan besh nafar chet el fuqarosi hibsga olingan, sentyabr va oktyabr oylarida esa terrorizmni targʻib qilishda gumonlanib sakkiz nafar Qozogʻiston fuqarosiga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Manba: Daryo

Mavzuga oid