Dushanba, 2-noyabr, 2026
Obuna boʻlish
Jamiyat Bugun, 21:04 1 marta oʻqildi

Yuqori Chirchiqda oltita korxona oqova suvni tozalamay tashladi

Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida oltita korxona ishlab chiqarish oqova suvlarini yetarli darajada tozalamasdan ochiq joyga chiqarib yuborgani aniqlandi.

Viloyat Ekologiya va iqlim oʻzgarishi bosh boshqarmasi xabariga koʻra, tumandagi korxonalarda Ekopolitsiya xodimlari reyd tadbirlari oʻtkazgan. Qum-shagʻal aralashmasini qayta ishlash jarayonida hosil boʻlgan oqova suvlar beshta korxonada tozalanmasdan tashlangan.

Namunalar laboratoriyada tekshirilganda, suvdagi muallaq moddalar miqdori belgilangan meʼyordan bir necha barobar yuqori chiqqan. Shuningdek, “I.Q.S.” ixtisoslashtirilgan taʼmirlash-qurilish tashkilotida ham xuddi shunday holat qayd etilgan. Bu holatlar boʻyicha ekologik ekspertizaning ijobiy xulosasi olinmagan.

Har bir korxona uchun qoidabuzarlik yuzasidan kompensatsiya toʻlovlari hisoblanmoqda. Aniqlangan holatlarga huquqiy baho berish uchun toʻplangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuboriladi.

Manba: Daryo

Mavzuga oid