Chorshanba, 4-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Selin Dion Parijdagi shoulardan 125,5 million dollar tushum oldi

Selin Dionning Parijdagi konsertlari turkumining birinchi qismi 17-oktyabrda yakunlandi. Billboard va Boxscore ma'lumotlariga ko‘ra, 16 ta shou 125,5 million dollar yalpi tushum keltirgan.

Olti yillik tanaffusdan keyin sahnaga qaytgan xonanda sentabr va oktyabr oylarida Parijdagi arenada 16 ta shou o‘tkazdi. Jami 539 ming chipta sotildi, zallar to‘la bo‘ldi. Har bir kechaning o‘rtacha tushumi 7,8 million dollarni tashkil etdi.

Yalpi tushum sof foyda emas: undan arena ijarasi, jamoa va jihozlar, logistika, soliqlar hamda promouterlar haqi to‘lanadi. Shu bilan birga, Dionning Las-Vegasdagi ikki dasturi ham katta daromad keltirgan: ularning yalpi tushumi 680 million dollardan oshadi.

Xonanda 2022-yilda Merch-Volman sindromi bilan kurashayotganini ochiqlagan. Kasallik tufayli «Courage» gastrol safarining qolgan konsertlari bekor qilingan. Hozir u haftasiga besh kun jismoniy va vokal terapiya bilan shug‘ullanadi.

Forbes Dionning shaxsiy boyligini taxminan 570 million dollar deb baholagan. 2027-yil mayigacha Parijda yana 10 ta konsert rejalashtirilgan. Martda xonanda muxlislariga shunday degan edi: «Eng og‘ir paytlarda ham yonimda bo‘ldingiz».

Manba: Daryo

Mavzuga oid