Chorshanba, 4-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Toshkentda narkolaboratoriya fosh etildi: 6 kg giyohvand modda

Toshkentda giyohvand modda aralashtirilgan shirinliklar ishlab chiqariladigan narkolaboratoriya fosh etildi. Tezkor-qidiruv tadbiri natijasida jami 6 kg giyohvandlik vositasi olib qo'yildi.

Tadbirni IIV Tezkor-qidiruv departamenti, uning hududiy bo'linmalari va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari o'tkazgan. Tekshiruv davomida internet orqali narkodo'konning zakladchigi sifatida ishlagan 2002-yilda tug'ilgan yigit aniqlandi. U Yashnobod tumanida tekshirilganda, tarqatishga mo'ljallangan 58 ta o'ramdagi 74 gramm gashish moyi topilgan.

Keyingi tezkor ishlar natijasida u giyohvandlik vositalarini narkodo'kon omborchisidan olib turgani ma'lum bo'ldi. Tadbir Chilonzor tumani Do'mbirobod mahallasida davom ettirilib, omborchining ijara xonadonida narkolaboratoriya tashkil etilgani aniqlandi.

Xonadondan 3,5 kg gashish moyi, zakladka uchun tayyorlangan 361 ta o'ramdagi 350 gramm gashish moyi, 600 gramm gashish, gashish moyi qo'shilgan 1,5 kg pechene va to'rt dona gashish moyi marmeladi hamda boshqa jihoz va uskunalar ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirildi. Jami 19 250 dozaga teng 6 kg giyohvandlik vositalari olib qo'yildi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo'zg'atildi.

Manba: Kun.uz

Mavzuga oid