Chorshanba, 4-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Shimoliy vokzal yonida 62 metrli bayroq ornatiladi

Toshkentda Shimoliy vokzal oldidagi sobiq «Toshkent gerbi» monumenti oʻrnida 62 metrli bayroq ornatilib, atrofi obodonlashtiriladi. Loyiha yuzasidan Miroboʻd tumani hokimi aholi bilan eshituv oʻtkazdi.

Monument oʻrnida Oʻzbekiston davlat bayrogʻi ilinadigan 62 metrli flagshtok paydo boʻladi, uning orqasida favvora quriladi. Hokimiyat bu joyni vokzalga kelgan yoʻlovchilar uchun shahar «tashrif qogʻozi»ga aylantirishni maqsad qilgan. Sobiq monument 2018 yilda demontaj qilingan, uning supasi esa shu vaqtdan beri boʻsh turardi.

Obodonlashtiriladigan hudud umumiy 30 975 kvadrat metrni tashkil etadi, shundan 2770 kvadrat metri koʻkalamzorlashtiriladi. Loyihada 228 ta buta ekish, piyodalar yoʻlagini qoplash, yoritishni yangilash va soyabonli oʻrindiqlar oʻrnatish nazarda tutilgan. Kiosklarga 10 ta tijorat joyi ajratilib, ular beshe yilga auksion orqali ijaraga beriladi, restoran ochish esa rejalashtirilmagan.

Ishlarni ikki oy ichida yakunlash moʻljallangan, Shevchenko koʻchasining boshqa qismidagi ishlar esa noyabr oxirigacha tugatiladi. Eshituvda yerusti piyodalar oʻtish joyi taklif qilindi, ammo hokim bu masalani mustaqil hal qila olmasligini va Yoʻl harakatini tashkil etish markazi bilan muhokama qilishini aytdi. Kiosklar ijarasidan tushgan mablagʻlar hudud tozaligi, yoritish va obodonlashtirish elementlarini taʼmirlashga yoʻnaltiriladi.

Manba: Gazeta.uz

Mavzuga oid