Tibbiyotda autsorsing xaridining yangi tartibi 2027-yildan joriy etiladi
2027-yil 1-yanvardan davlat tibbiyot muassasalari tibbiy va yordamchi xizmatlarni xususiy sektordan autsorsing asosida xarid qilish tartibiga o'tadi. Bu prezidentning 4-noyabrdagi qarorida belgilangan.
Autsorsing shartnomalari xizmatning xususiyati va xizmat ko'rsatuvchi kiritadigan investitsiya hajmiga qarab, odatda besh yilgacha tuziladi. Sog'liqni saqlash vazirligi xulosasiga ko'ra, investitsiyani qoplash muddati hisobga olinib, istisno tariqasida shartnoma o'n yilgacha tuzilishi mumkin.
2027-yil 1-aprelgacha “Tibbiyot autsorsingi” elektron axborot tizimi joriy etiladi. Tizimda autsorsingga beriladigan xizmatlar, loyihalar, xizmat ko'rsatuvchilar va shartnomalarning yagona reestri yuritiladi, shuningdek xizmatlar hajmi, sifati, KPI ko'rsatkichlari va to'lovlar monitoring qilinadi.
Qaror davlat va xususiy sektor ishtirokining yangi mexanizmlarini ham nazarda tutadi. Davlat kafolatlagan tibbiy yordam uchun zarur muassasalar davlat tasarrufida qoladi, yirik yangi muassasalar esa odatda davlat-xususiy sheriklik asosida quriladi. 2030-yilgacha kamida beshta yirik tibbiyot tashkilotiga xorijiy professional boshqaruv kompaniyalarini jalb qilish rejalashtirilgan.
Manba: Daryo