Toshkentda noqonuniy koll-markaz aniqlandi: 23 nafar xorijiy fuqaro
Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi xususiy uylardan birida firibgarlikda gumon qilingan noqonuniy koll-markaz faoliyat yuritgani aniqlandi. Binoda ruxsatnomasiz yashab kelgan 23 nafar chet el fuqarosi topildi.
Ichki ishlar vazirligi xabariga koʻra, profilaktika inspektori hovlidan chiqayotgan koll-markaz xodimini sezib qolgan. Xodim inspektorga pora taklif qilgan, inspektor esa taklifni rad etib, bu haqda xabar bergan. Shundan soʻng uyda tezkor reyd oʻtkazilgan.
Tintuv davomida binoda yashayotgan 23 nafar chet el fuqarosi aniqlangan. Ular har bir xonada 4–5 kishidan yashagan va Oʻzbekistonda yashash uchun tegishli ruxsatnomaga ega boʻlmagan. Ashyoviy dalil sifatida 80 ta mobil telefon, 21 ta noutbuk, 6 ta Wi-Fi router va 22 ta fuqarolik pasporti olib qoʻyilgan.
Shuningdek, uch nafar xorijiy fuqaro litsenziyasiz kriptobirjalar orqali kriptoaktivlar bilan bir necha bor operatsiyalar amalga oshirgani aniqlangan. Ularning umumiy aylanmasi 27,9 ming USDT, ya’ni qariyb 329,6 mln soʻmni tashkil etgan. Jinoyat kodeksining 278−8-moddasi 2-qismi bilan ish qoʻzgʻatilib, tergov davom etmoqda.
Manba: Gazeta.uz