Toshkentda avtobuslar intervali nima uchun uzaymoqda
Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi yo‘lovchilar shikoyatlaridan so‘ng avtobuslar harakat intervali buzilishining sababini tushuntirdi. Sabab poytaxtning bir qator ko‘chalarida olib borilayotgan qurilish ishlari va ularga bog‘liq tirbandliklar bo‘lmoqda.
Shahrisabz, Amir Temur shoh ko‘chasi va Yangi Sergeli ko‘chalarida umumiy uzunligi 5,09 km bo‘lgan jamoat transporti uchun ajratilgan yo‘laklar (BRT) qurilmoqda hamda kapital ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Qurilish munosabati bilan ayrim yo‘l qismlarida transport harakatiga vaqtinchalik cheklovlar joriy etilgan, bu esa tirbandliklarni oshirmoqda. Ayniqsa tig‘iz soatlarda avtobuslar belgilangan jadvalga rioya qilishda kechikmoqda, natijada ayrim yo‘nalishlarda intervallar uzayib, bekatlarda kutish vaqti ortmoqda.
Bosh boshqarma qurilish ishlari yakunlanib, transport harakati odatdagidek tiklangach, tirbandliklar kamayishi va avtobuslar intervallari jadval asosida barqarorlashishini ma’lum qildi.
Manba: Daryo