IIV noqonuniy gaz va koʻmir muomalasiga qarshi nazoratni kuchaytiradi
Soʻnggi bir oy ichida Oʻzbekistonda koʻmir va suyultirilgan gazni noqonuniy saqlash hamda olib oʻtish bilan bogʻliq 390 ta holat aniqlangan. Ichki ishlar vazirligi bu boʻyicha ma'lumot berdi.
Vazirlikning 6-noyabrdagi axborotiga koʻra, noqonuniy muomaladan 9 139 ta gaz ballon, 92 tonna 936 kilogramm suyultirilgan gaz va 333 tonna 540 kilogramm koʻmir musodara qilingan. Bu raqamlar energetika resurslari bilan taʼminlash masalalariga bagʻishlangan yigʻilishda keltirilgan.
Vazirlik maʼlumotiga koʻra, 16 ta holat koʻmir, 374 ta holat esa suyultirilgan gaz bilan bogʻliq. Musodara qilingan koʻmir aholi ehtiyojlari uchun yetkazilgan, gaz ballonlari va suyultirilgan gaz esa aholi iste'moliga qaytarilgan.
Oktyabr oyida Samarqand viloyatida gaz taʼminoti korxonasi xodimlari aholi uchun ajratilgan toʻldirilgan maishiy ballonlarni maxsus transportda olib ketayotgani aniqlangan. Holat yuzasidan 3 tonna 100 kilogramm uglevodorod gazi musodara qilinib, xodimlarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgatilgan. Tergov holatning boshqa tafsilotlarini aniqlamoqda.
Yigʻilishda gaz ballonlarini belgilangan grafik boʻyicha yetkazish, isteʼmolchilardan asossiz toʻlov talab qilmaslik va mahsulotni meyoridan kam bermaslik zarurligi taʼkidlangan. Shuningdek, energetika mahsulotlarini tashish va gaz quyish shoxobchalari, omborlarni qoʻriqlashni kuchaytirish, taʼminotdagi uzilishlar sabablarini aniqlash vazifalari belgilangan.
Manba: Kun.uz