“10 ming qadam” aksiyasi qayta tiklanadi: nizom loyihasi muhokamada
Oʻzbekistonda “10 ming qadam piyoda” aksiyasini oʻtkazish tartibi boʻyicha nizom loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi. Muhokama 13 noyabrgacha davom etadi.
Aksiya “Ekofaol fuqaro” platformasi orqali amalga oshiriladi. Unda 18 yosh va undan katta fuqarolar ishtirok etadi, ular bir yil davomida eng koʻp qadam yurgan ishtirokchilar sifatida qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanadi. Viloyatlar, Toshkent shahri va Qoraqalpogʻiston boʻyicha yuqori natija koʻrsatganlar alohida aniqlanadi.
Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi Sport vazirligi bilan birgalikda qoidalarni buzish holatlarini doimiy ravishda kuzatib boradi. Qadamlar sonini sunʼiy ravishda oshirishga urinish aniqlansa, fuqaro chetlashtiriladi va natijalari bekor qilinadi. Hisobga qoidani buzgan yoki buzishda gumon qilingan foydalanuvchilarga vaqtinchalik cheklovlar qoʻyiladi.
Nizom talablariga koʻra, elektron yugurish yoʻlaklari, avtoulov, samokat, velosiped, skuter va boshqa texnika vositalaridan foydalanish hamda texnik vositalar yordamida qadamlarni sunʼiy koʻpaytirish qoidani buzish hisoblanadi. Operator sunʼiy intellekt yoki avtomatlashtirilgan dasturlardan foydalanish belgilari aniqlanganda yoki boshqa ishtirokchilardan murojaat tushganda natijalarni tekshirish huquqiga ega.
Eslatib oʻtamiz, 2021-yilda “1hls.uz” platformasi ishga tushirilib, 10 ming qadam yurgan fuqarolarga pul toʻlash yoʻlga qoʻyilgan edi. Loyiha 2022-yilda bekor qilingan. 2026-yil 25-martdagi prezident qarori bilan “Eko-madaniyat” doirasida 10 ming qadam piyoda yurish tajribasini qayta tiklash belgilandi.
Manba: Daryo